Vengriya, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan investitsiyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 29 Aprel 2022 1244

    Joriy yil 28-aprelda videokonferensiya tarzida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida Oʻzbekistonning Vengriya, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligi masalalari va uni faollashtirishning amaliy choralarini muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari, Oʻzbekistonning Vengriya, Qirgʻiziston va Tojikistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, yuqoridagi mamlakatlardagi tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlik qilayotgan ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

    2021-yilda Vengriya, Qirgʻiz Respublikasi va Tojikiston Respublikasi bilan oʻtkazilgan yuqori darajadagi tadbirlar yuksak amaliy ahamiyat va samaradorlikka ega boʻlib, ular yakunida tegishli “Yoʻl xaritalari” qabul qilingani taʼkidlandi. Yigʻilish davomida amaldagi kelishuvlarning bajarilishi atroflicha koʻrib chiqildi hamda yuzaga kelgan masalalar tahlil qilinib ularni tezkor hal qilish yoʻllari ishlab chiqildi va tegishli koʻrsatmalar berildi.

    Xususan, ushbu davlatlar bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalarni inventarizatsiya qilish, muammoli masalalar ustida ish olib borish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan qoʻshimcha muzokaralar tashkil etish, shuningdek tasdiqlangan investitsiyaviy loyihalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash va ularning tashabbuskorlariga amaliy yordam koʻrsatish vazifasi qoʻyildi.

    Tarmoq birlashmalari rahbarlari tomonidan investitsiyaviy va savdo hamkorligini rivojlantirishning hozirgi holati, shuningdek, kelgusidagi rejalari toʻgʻrisida hisobotlar taqdim qilindi. Yuqorida qayd etilgan mamlakatlar bilan iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish maqsadida mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Yigʻilish yakunida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga qisqa muddatda yangi istiqbolli investitsiyaviy loyihalar va savdo bitimlarining roʻyxatlarini taqdim etish, shuningdek, kelishuvlarga erishish uchun xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni faollashtirish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.