Uchrashuvda siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va hududlararo munosabatlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga turtki berishga va ikki tomonlama aloqalarning barqaror rivojlanishi uchun asos bo‘lishga qaratilgan. Uning yakunlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, sport va ta’lim kabi sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalarning yirik to‘plami imzolanishi kutilyapti.
O‘zbekistonda investitsiya faoliyatini olib borish uchun yangi venger kompaniyalarini jalb etish hamda bu sohada qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutgan holda, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik doirasida erishilgan yutuqlar va uni kengaytirish istiqbollari alohida qayd etildi.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyiha takliflarini birgalikda ishlab chiqish va ularni amalda joriy etish bo‘yicha hamkorlarni izlab topish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdoni rivojlantirishni muhokama qilib, Budapesht shahrida O‘zbekiston – Vengriya savdo uyining samarali faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, sanoat mahsulotlari qo‘shma ko‘rgazmalarini va savdo missiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Muloqotda joriy yilning fevral oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi hamda ularni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalar, rejalashtirilgan tadbirlar va kelishilgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.