Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston-Vengriya aloqalari doirasida taʼlim sohasidagi hamkorlik muhim oʻrin tutishini qayd etdilar. “Mamlakatlarimiz yosh avlodlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirish uchun taʼlim muhim koʻprikdir” – dedi L. Trochani.
Rektor L. Trochani Karoi Gashpar universitetida tashkil etish rejalashtirilgan Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazida xorijlik talabalar qatorida xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik yoʻnalishlarida tahsil olishni istovchi oʻzbekistonlik talabalarni jalb etish taklifini bildirib, buning uchun Vengriya tomonidan, jumladan Vengriya hukumatining “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida taʼlim grantlarini ajratish mumkinligini taʼkidladi.
U markazda oliy taʼlim berilishi bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlar ham yoʻlga qoʻyilishi, bu turdagi markaz Yevropaning boshqa davlatlarida yoʻqligini qoʻshimcha qildi. Shuningdek, markazda oʻqish jarayonini boshlash 2024/2025-oʻquv yilidan rejalashtirilganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, energetika huquqi boʻyicha Karoi Gashpar universitetida yangi taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, u xorijlik talabalar uchun ham ochiq. Oʻqish uchun oʻzbekistonlik talabalar hujjat topshirishlari mumkin. Energetika huquqi, xususan, sohani huquqiy tartibga solish masalalari hozir nafaqat Yevropa mintaqasida, balki butun dunyoda dolzarb.
Vazirning birinchi oʻrinbosari K. Karimov Budapeshtdagi Karoi Gashpar universitetida Oʻzbekiston madaniyati, tili, adabiyoti va tarixini namoyish etuvchi “Oʻzbekiston burchagi”ni tashkil etish taklifini bildirdi.Taklif rektor L. Trochani tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, vazirning birinchi oʻrinbosari Oʻzbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini keyingi yil Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifini bildirdi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston va Vengriya rektorlarining birinchi forumi 2021-yil 21–23-iyun kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida, ikkinchi forum esa 2023-yil 18–19-may kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan.
Mehmonning Oʻzbekistonga tashrifi davomida Samarqand va Toshkentdagi bir qator OTMlar rektorlari bilan ham uchrashuvlari rejalashtirilgan, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.