Toshkentda 29-mart kuni O'zbekiston-Vengriya biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Tadbirda savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik mamlakatlar o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismi bo'lgani holda, uni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o'zaro aloqalarini mustahkamlash masalalariga asosiy e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari — Investitsiya va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri P.Siyyaarto, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi, O'zbekiston tomonidan O'zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashining hamraisi A.Ikramov, Vengriya savdo palatasi prezidenti L.Parrag, "OTP Bank" boshqaruv raisining o'rinbosari, Vengriya tomonidan O'zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashining hamraisi L.Volf va mas'ul vazirlik va idora vakillari hamda ikki mamlakatning tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.
Unda so'zga chiqqan Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri P.Siyyaarto ikki davlat aloqalarini rivojlantirishning ijobiy dinamikasiga e'tibor qaratdi. Qolaversa, har ikki mamlakat raxbarlari iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga alohida e'tibor qaratayotganini ta'kidlab, ishbilarmonlarni o'zaro aloqalarni faollashtirishga chaqirdi. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov ham o'z nutqida so'nggi yillarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashganini ta'kidladi.
Tadbir davomida Vengriya kompaniyalariga xorijiy investorlar uchun O'zbekistonning ochiqligini ta'minlash va jozibadorligini oshirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar, shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlatning rolini bosqichma-bosqich qisqartirish bo'yicha ko'rilayotgan choralar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, turli xil sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o'z mahsulotlari va hizmatlarini hamkorlik qilish istagida bo'lgan biznes vakillariga namoyish etib, hamkorlikning afzalliklari va uning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha fikr almashishdilar. Ular o'rtasida qizg'in muzokaralar o'tkazilib, bir qator hamkorlik to'g'risidagi kelishuvlar imzolandi.
O'z navbatida, Savdo-sanoat palatasi 2022-yilda O'zbekiston va Vengriya ishbilarmon doiralarini qo'llab-quvvatlashda amaliy natijalarga erishishga qaratilgan rejalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Yig'ilishdan so'ng vazirlik va idoralar, sanoat uyushmalari hamda O'zbekiston va Vengriyaning etakchi kompaniyalari rahbarlari o'rtasida “G2B” va “V2V” uchrashuvlari o'tkazildi. Unda ishtirokchilar qo'shma korxonalar tashkil etish va o'zaro manfaatli savdo bitimlarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Uchrashuvlar natijasida faoliyatning turli sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha qator ikki tomonlama shartnomalar imzolandi.
Ma'lumot uchun, 2021-yil yanvar holatiga ko'ra respublikada Vengriya ishtirokidagi 10 ta korxona mavjud bo'lib, ulardan 6 tasi qo'shma korxonalar va 4 tasi esa yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir.