Uchrashuvda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida “Veon” kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar va rezidentlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Masalan, IT Park rezidenti boʻlgan xorijiy IT-kompaniyalarga infratuzilma va soliq imtiyozlari taqdim etilgan. Xorijiy IT-mutaxassislar va ularning oila aʼzolari uchun viza olishning soddalashtirilgan “IT Visa” tizimi joriy etildi. Vazirlik rahbariyati tomonidan “Veon” kompaniyalar guruhi mutaxassislarini Oʻzbekistonga jalb qilish va koʻchirish takliflari berildi.
Muhim vazifalar qatorida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish ham bor. Bugungi kunda Oʻzbekistonda “Veon” kompaniyalar guruhi ishtirokida uskunalarni modernizatsiya qilish va foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda yigʻilish doirasida ikki shahar oʻrtasida abonent trafigini 600 Gbit/s tezlikda uzatuvchi modernizatsiya qilingan “Toshkent-Samarqand” gipertezkor transport kanalining ramziy ishga tushirish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Bu operatorning mobil xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun ijobiy qulaylik yaratadi. Bu “Beeline Uzbekistan” tarixida shunday sigʻimga ega boʻlgan birinchi kanaldir.
Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini qayd etib, axborot texnologiyalari sohasida sheriklikni rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.