Veterinariya sohasi yanada takomillashtiriladi

    Agrosektor 24 Avgust 2023 1933

    2023-yil 21avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-864-son Qonun imzolandi.

    Hujjat veterinariya sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha zamonaviy taʼlim tizimini yaratish, shuningdek mazkur sohada faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

    Jumladan, “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga aylantirildi.

    Shuningdek, bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari va davlat veterinariya inspektorlarining veterinariya nazorati obyektlariga moneliksiz kirish boʻyicha vakolatlari qisqartirilyapti. Endi ular ushbu obyektlarga qonunchilikda belgilangan tartibda kirishlari mumkin.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 22-avgustdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.