Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladi

    Ta'lim 20 Yanvar 2022 1537

    Hukumat qarori (33-son, 19.01.2022-y.) bilan Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va ularga malaka toifalari berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

    Maʼmuriy reglamentga koʻra, malaka oshirishga talabgor boʻlgan veterinariya xizmati mutaxassislari davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki YAIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.

    Qabul qilingan arizalar koʻrib chiqish uchun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga darhol yuboriladi.

    Malaka oshirish markazi ariza belgilangan talablarga mosligini 3 kun muddatda koʻrib chiqadi va malaka oshirishga qabul qilish uchun shartnoma tuzish yoki rad etish toʻgʻrisida talabgorga SMS xabar yuboradi.

    Shundan soʻng 3 kun muddatda malaka oshirish markazi bilan shartnoma imzolanadi.

    Shartnoma imzolangach, 5 kun muddatda belgilangan toʻlov talabgorlar tomonidan amalga oshirilishi lozim. Toʻlov amalga oshirilmagan taqdirda, ular malaka oshirish kurslariga qabul qilinmaydi.

    Toʻlovni amalga oshirgan talabgorlar sonidan kelib chiqib, oʻquv kurslari kontingenti shakllantiriladi va oʻqish boshlanadigan muddat toʻgʻrisida 1 kun ichida talabgorlar xabardor qilinadi.

    Davlat xizmatlari koʻrsatilgani uchun BHMning 20 foizi (54 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.

    YAIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu miqdor 48 600 soʻmni tashkil etadi.