Vetnam bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etildi

    2025-yil 24-martda Oliy Majlis Senatida Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari O.Mamatkarimov Vyetnam Sotsialistik Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dan Min Kxoy bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi aloqalar muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, 2024-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 189,3 million dollarni tashkil etgan, shundan eksport 17,7 million dollar, import esa 175,6 million dollarni tashkil etdi.

    Shuningdek, uchrashuvda turizm sohasidagi ulkan salohiyatga eʼtibor qaratildi. Davlatlar fuqarolari oʻrtasida oʻzaro turistik tashriflarni kengaytirish masalasi muhokama etildi.

    Muloqot davomida joriy yil 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi oʻtkazilishi haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, ushbu nufuzli tadbir tarixda birinchi bor Oʻzbekistonda oʻtkazilyapti va unda Parlamentlararo ittifoqning 190 ga yaqin aʼzo davlatlaridan 2 000 nafarga yaqin parlament aʼzolari ishtirok etadi.

    Elchi Vyetnam Milliy Majlisi Raisi Chan Txan Man boshchiligidagi 120 nafarga yaqin delegatsiya aʼzolari ham mazkur Assambleyada ishtirok etishini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakunida Parlamentlararo ittifoq anjumaniga tayyorgarlik ishlari, tashkiliy masalalar va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.