Vyetnam bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 13 Mart 2024 543

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Nyu-York shahrida BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasi maydonida Vyetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama etildi.

    Vo Txi An Suan Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning navbatdagi sammiti doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan samarali suhbatni hamda 2022-yil oktyabr oyida Toshkentda qisqa muddatli tashrif bilan boʻlganini iliqlik bilan esladi.

    Uchrashuv chogʻida parlamentlararo munosabatlarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, taʼlimga oid va boshqa qoʻshma gumanitar dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuv yakunida Vo Txi An Suan Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo ayollar forumida ishtirok etishga taklif etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.