Guruh raisi Dang Kxak Vi hamda guruhning direktorlar kengashi raisi Nguyen Man Txang bilan muzokaralar doirasida Vyetnam tomoni 2023-2032-yillarda Oʻzbekistonda “Rollton”, “Big Bon” brendlari ostidagi mahsulotlar va ichimliklar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 125 million dollarlik yirik majmuani qurish loyihasining taqdimotini oʻtkazdi.
Bundan tashqari, makaron, souslar, qayla, ziravorlar va boshqa pazandachilik neʼmatlari singari yangi turdagi mahsulotlar hisobidan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.
Majmua “Angren” erkin iqtisodiy zonasida joylashadi.
Loyiha 800 dan ortiq kishini ish bilan taʼminlaydi. Bu nafaqat Oʻzbekiston bozorining ichki ehtiyojlarini qondirish, balki mahsulotning kamida 50 foizini mintaqa mamlakatlariga eksport qilish imkonini ham beradi.
Amaliy safar doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Xoshimin shahri yaqinida joylashgan, “Mareven Food Holdings” xalqaro kompaniyalar guruhi tarkibidagi oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan UNIBEN zavodlarida ham boʻlib, korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlari va logistika-ombor imkoniyatlari bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekistonda sanoat majmuasini qurish boʻyicha investitsiya loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga har tomonlama hissa qoʻshishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.