Keyingi vaqtlarda ichki bozorda ayrim mahsulotlar narxi oshgani barchaga maʼlum. Viloyat hokimi buning asosiy sabablaridan biri “chaqqon olibsotar”lar ekanligini maʼlum qildi.
“Oxirgi vaqtlarda ichki bozorimizda goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi, un va shakar kabi asosiy isteʼmol mahsulotlari narxining beqarorligi kuzatilmoqda. Buning asosiy sababi esa fidoyi fermer va dehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari «chaqqon olibsotar”lar tomonidan 4-5-marta qoʻlma-qoʻl boʻlib, keyin xalqimiz dasturxoniga yetib borayotganidadir», dedi Qobil Tursunov.
Taʼkidlanishicha, buning oldini olish uchun “daladan rastagacha” tamoyili asosida aholini arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash uchun 12 ta “Tayyorlov savdo” korxonalari tashkil etilgan.
Boʻlib oʻtayotgan xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida maʼlum qilinishicha, viloyatda joriy yilda 207,3 ming tonnadan ortiq gʻalla xirmoni yaratilgan.
2021-yilning aprel oyiga qadar viloyat aholosining un mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji 37,7 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 37,2 ming tonnasi mahalliy va 0,5 ming tonnasi import mahsulot hisobidan qoplanadi.
Bugungi kunda hududda 2 ta yirik va 5 ta kichik un ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Yil yakuniga qadar yana 2 ta donni qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi. Buning hisobiga aholini un mahsuloti boʻlgan talabi toʻliq qondiriladi va eksportga yetkazib berishga ham erishiladi.
“Bundan koʻrinib turibdiki, viloyatimiz aholisini un mahsuloti bilan taʼminlashda hech qanday muammolarga duch kelinmaydi va ortiqcha tashvishlanishga hojat yoʻq”, deya taʼkidladi viloyat hokimi Kobul Tursunov.