“Muruvvat uyi” hovlisida jonliq soʻyilib, Qurʼon tilovat qilindi. Ushbu shifo maskanidagi vasiylikga olingan nogiron ayollarga Yangi yil bayrami arafasida ehsonlar ulashilib, salomatlik maskani shifokorlariga yangi yil sovgʻalari topshirildi. Ushbu “Muruvvat uyi”da ayni paytda 250 nafar xotin-qiz vasiylikga olingan boʻlib, ularning barchasi aqliy va ruhiy hasta boʻlgan ayollardir. Bu maskandagilar boshqalardan nafaqat salomatlik jihatidan, balki mehr-muruvvatga tashnaliklari bilan ham ajralib turadi. Ularning baʼzilari birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan jismonan oʻzgalar koʻmagiga muhtoj ayollardir. Bu koʻmakni ularga qalblari xalatlaridek pok fidoiy shifokorlar tunu-kun koʻrsatib kelayotgani tahsinga loyiq.
— Mehr-muruvvat bu — biz bir-birimizga berishimiz zarur boʻlgan eng muqaddas tuygʻu, — deydi viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev. — Bu tuygʻuni hamma bab-baravar sezadi, xoh yosh boʻlsin, xoh keksa, xoh sogʻlom boʻlsin-u xoh xasta. Bu yerda mehnat qilayotgan jamoaning har bir xodimi mana shu ezgulik bilan yonma-yondir. Ular har birimizning, xalqimizning hurmatu eʼzoziga loyiq.
“Muruvvat uyi”dagi ayollar madaniy dam olishlari uchun kutubxona, musiqa, badiy gimnastika, maʼnaviyat va maʼrifat xonalari mujassam qilingan. Oshxona, dam olish xonalari va har bir palata toza, ozoda va orasta.