Buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6 ming 300 ta interfaol doska kerak. Ushbu maqsadlarga zarur mablagʻlarni keyingi yil davlat byudjetida nazarda tutish topshirildi.
Iqtidorli oʻquvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik boʻyicha Mirzo Ulugʻbek, tabiiy fanlar yoʻnalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi.
Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.
2026-yilda maktab oʻquvchilari oʻrtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi.
Bosh vazirga poytaxtimizda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.









