Taʼkidlanganidek, bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini havotirga solib, rivojlangan davlatlarning ham iqtisodiyotiga jiddiy zarba berayotgan koronavirus pandemiyasi barcha darajadagi rahbarlarning masʼuliyati va javobgarligini yana-da oshirishni talab etmoqda. Yil ogʻir kelgan boʻlsada, iqtisodiyotni mustahkamlash, aholini ijtimoiy himoya qilish ishlari tizimli olib borilmoqda. 3,8 million nafar aholiga ega boʻlgan Fargʻona viloyati aholisi uchun munosib turmush, mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy muhofazasini taʼminlash, kambagʻallar va ishsizlar bilan ishlash, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash eng ustuvor vazifadir.
Qayd etilganidek, viloyatda 2020-yilning 9 oy yakuni bilan deyarli barcha sohalarda iqtisodiy oʻsishga erishildi. Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 101,4 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 100,4 foizga, xizmatlar koʻrsatish hajmi 103,1 foizga, qurilish ishlari 100,4 foizga oʻsdi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2020-yil yakunlari boʻyicha makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi barcha yoʻnalishlar boʻyicha ortigʻi bilan bajarilishi kutilmoqda. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 37,4 trillion soʻmga yetib, oʻsish koʻrsatkichi 102,2 foizni tashkil etadi.
Mamlakatimizda inqirozga qarshi kurashish boʻyicha oʻz vaqtida qabul qilingan Farmon va qarorlar pandemiya davrida aholini kuchli ijtimoiy himoyasini taʼminlash bilan birgalikda tadbirkorlikni rivojlantirish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 20 mingdan ortiq tadbirkorlarga qariyb 400 milliard soʻm soliq imtiyozlari berilganligi, 7,2 mingta tadbirkorlarning 1,3 trillion soʻm kredit qarzdorligi 6 oy muddatga uzaytirilganligi tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar uchun juda katta koʻmak boʻldi.
Joriy yilning oʻtgan davrda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 12 ming 271 ta subyektga qariyb 5 trillion soʻm kreditlar ajratib berildi. Shundan, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qariyb 7 mingta subyektlarga xomashyo va aylanma mablagʻlar uchun 1,7 trillion soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi.
Aholining bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar doirasida joriy yil boshidan viloyatimizda 19 ming 63 ta oilaga 513 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.
Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida pandemiya davrida viloyatdagi 51 ta yirik korxona faoliyati uzluksiz davom etdi, vaqtinchalik oʻz faoliyatini toʻxtatgan 1 ming 720 ta sanoat korxonasi hamda 3 ming 173 ta kichik biznes subyekti faoliyatini qayta tiklashga erishildi. Bugungi kunda viloyatda tadbirkorlik rivoji uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Shahar va tumanlarda, viloyat markazida tadbirkorlar uyi tashkil etildi.
Fargʻona viloyatida investitsiya dasturiga muvofiq, joriy yilda qiymati 7 trillion soʻm boʻlgan 737 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Oʻtgan davr mobaynida 4,1 trillion soʻmlik 552 ta loyiha ishga tushirildi.
Jumladan birgina “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida 41 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida 1,3 trillion soʻmlik yoki 136,4 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarildi. Buning natijasida ushbu loyihalar hisobiga 2 ming 500 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi. Shu bilan birga, mazkur korxanalar tomonidan 25,5 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltirildi.
Shuningdek, 44 ta yangi xorijiy sarmoya ishtirokidagi qoʻshma korxona oʻz faoliyatini boshladi. 423,4 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilishi kutilmoqda.
Mazkur dastur doirasida Qoʻshtepa tumanidagi “Global textile solutions” MCHJ tomonidan paxta tozalash va paxtani qayta ishlash, Quva tumanidagi “Yingtai International Rent Service” MCHJ tomonidan intensiv bogʻ va muzlatgichli omborxona, Fargʻona tumanidagi “EKOKERAMA” MCHJda santexnik buyumlar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi.
Sessiya doirasida OAV vakillari uchun Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar, keyingi yil istiqboldagi vazifalar borasida joʻrnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob olindi.
Lutfulla Suvonov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri