Maqola muallifi - O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo'mitasi a'zosi Islom Xushvaqtovning yozishicha, globallashuv davrida virtual sayohatlar rivojlanib borayotganiga qaramay, aholining an'anaviy sayohatga, diqqatga sazovor joylar bilan tanishishga qiziqishi ham tobora ortib bormoqda. Bu, albatta, sayyohlik yo'nalishlari va turizm ishqibozlariga xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalar sonining ko'payishi bilan bog'liq. Natijada turizm ko'plab mamlakatlar milliy iqtisodiyotining eng daromadli tarmoqlaridan biriga aylandi.

Muallif qayd etganidek, 15-16 sentyabr` kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti doirasida tashkilotga a'zo davlatlar hukumatlari o'rtasida yangi sayyohlik yo'nalishlarini rivojlantirish bo'yicha Turizm sohasidagi hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi.

Maqolada, shuningdek, O'zbekiston o'zining betakror tabiati, xushmanzara tog'lari, Qizilqum cho'llarining  o'ziga xos rel`efi, suv omborlari, toza havosi bilan sayyohlarni o'ziga jalb etayotgani ta'kidlangan. «Sayyohlar oqimini ko'paytirish maqsadida mintaqaning turistik bazasini xalqaro andozalar asosida tashkil etish choralari ko'rilmoqda”, deb yozadi muallif.