Kasallikni yuzaga kelishida tozalikka rioya qilmaslik, ya’ni ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish hamda qaynatilmagan suvni ichish sabab bo‘ladi. Shuning uchun, kasallik ko‘proq bolalarda uchraydi.
Pashshalar kasallikni yuqishida yetakchi rol o‘ynaydi. Birgina pashsha ichagi, qanoti va tanasida millionlab kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni, shuningdek, gepatit viruslarini ham (turli xil axlat va najaslarga qo‘nishi oqibatida) tashiydi.
Organizmga virus tushishi bilan kasallik birdaniga boshlanmaydi. Dastlab virus organizmda ko‘payadi. Bu davr klinik belgilarsiz kechadi va kasallikning yashirin davri deyiladi. Bu davr 3-6 haftagacha davom etishi mumkin.
Kasallik belgilari: umumiy holsizlik; ishtahasizlik; ko‘ngil aynashi; ovqatlangandan so‘ng qayt qilish; shilliq qavat va terining sarg‘ayishi.
Profilaktik tadbirlar: virusli gepatit Aga qarshi emlatish; ho‘l meva va poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvib iste'mol qilish; suvni qaynatilgan holda ichish; ruxsat etilgan suv havzalarida cho‘milish va bu jarayonda suv yutmaslikka e’tibor berish; ozodalik va orastalikka rioya qilish; - pashshalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik; ovqatdan oldin va hojatdan keyin qo‘llarni sovunlab yuvish; uyda va jamoat joylarida gigiena qoidalariga rioya qilish.
Shu o‘rinda kasallikdan saqlanish o‘zimiz va shaxsiy gigiena qoidalariga to‘liq amal qilishimizga bog‘liqligini eslatib o‘tamiz.
Agar kasallik alomatlari sezilsa, darhol shifokorlarga murojaat qilish muhim hisoblanadi, deb ogohlantiradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.