Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi asosida Oʻzbekistonda COVID-19 oqibatlariga qarshi kurashishga qaratilgan majmuaviy dastur muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ushbu dasturni amalga oshirish uchun Koreya hukumati Oʻzbekistonga 2020-2021-yillar mobaynida 10 million AQSH dollari miqdorida grant ajratgan, shu jumladan 9 million AQSH dollari Sogʻliqni saqlash vazirligiga va 1 million AQSH dollari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun ajratilgan. Hozirga qadar KOICA agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Milliy bolalar tibbiyot markazi va boshqa tibbiyot muassasalari bilan birgalikda yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish, davolash va bu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Kompleks dastur doirasida Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga koʻp kesmali kompyuter tomografiyasi, endoskopik tekshiruv va laboratoriya jihozlarini taqdim etildi.
Multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) — bu inson tanasini skanerlashga asoslangan aniq diagnostikaning zamonaviy usuli. Ushbu usul oʻsimta va oʻsimta boʻlmagan etiologiyaning dastlabki bosqichlarida organlardagi turli xil patologik oʻzgarishlarni aniqlashga qaratilgan.
MSKT COVID-19da nafas olish tizimining shikastlanish darajasini aniqlash uchun keng qoʻllaniladi, chunki hatto klinik alomatlar boʻlmagan taqdirda ham u oʻpkadagi oʻzgarishlarni aniqlash, oʻz vaqtida davolanishni boshlash va kasallikning ogʻir bosqichidan qochish imkonini beradi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, portal gipertenziya sindromida 90 foiz bemorlarda qiziloʻngach va oshqozon vena qon tomirlarining kengayishida uchraydi. Qiziloʻngach va oshqozonning kengaygan vena qon tomirlaridan qon ketishi bemor hayoti uchun jiddiy xavf tugʻdiradi.Ulardan 30 foizida qon ketish asorati bir necha marotaba reskediv boʻlib kuzatiladi. Endoskopik ligirovaniya amaliyoti qon ketish alomatlari boʻlgan bemorlarda shoshilinch holatda, profilaktika maqsadida esa rejali ravishda bajariladi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga masʼullardan javob oldilar.