Buxoro viloyat hokimiyati, viloyat Madaniy meros boshqarmasi hamda jurnal ta'sischisi Dinara&Co nashriyoti tashabbusi bilan O'zbekistonda ishlab kelayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar ushbu qadimiy shaharga sayohat qildi.  

Taqdimot davomida mehmonlarga o'zbek san'ati, madaniyati va investision sohalarining noyob qirralari tanishtirildi.

Jumladan, mehmonlar Akbar Xakimovga tegishli so'zana va milliy matolardan iborat xususiy kolleksiya, Bonum Factum va Shveysariya hamkorlik byurosining Art Residence loyihasi doirasidagi zamonaviy san'at ko'rgazmasi, Davlat Toshevning ustoz-shogird amaliy san'at maktabida miniatyuralar ko'rgazmasi, Minorai Kalon manzaralari fonida toshkentlik va buxorolik dizaynerlarning zardo'zlik kolleksiyalarining namoyishlari, Buxoroning mashhur taomi — Oshi so'fini tayyorlash jarayonlarida ishtirok etdi.

Uyushtirilgan ushbu taqdimot Visit Uzbekistan Partnership uyushmasining navbatdagi ishi bo'lib, shu paytgacha bunday uchrashuvlar Singapur, London, Dehli va Toshkent shaharlarida o'tkazilgandi.

Yaqin orada Buyuk Britaniyalik mutaxassislar tomonidan ishlanayotgan VisitUzbekistan.co veb-saytining ishga tushirilishi kutilmoqda. Sayt O'zbekistonga tashrif buyuruvchilar uchun ingliz tilidagi etakchi axborot manbaiga aylanishi maqsad qilingan.