Vladimir Norov AQSh Elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Noyabr 2022 1608

    2022-yil 15-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qoʻshma Shtatlarining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Jonatan Devid Xennikni qabul qildi.

    Uchrashuv Vazirga Elchi tomonidan ishonch yorliqlari nusxalarini topshirish marosimi bilan boshlandi. Oʻz navbatida, V.Norov Elchini lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

    Suhbat davomida ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ikki tomonlama darajada va “5+1” shaklida boʻlajak tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi.

    Savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirish, jumladan, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Amerika kapitali va texnologiyalarini jalb etish, toʻqimachilik, farmatsevtika, energetika, AKT jabhalarida qoʻshma korxonalar tashkil etish, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

    Tomonlar, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha ham fikr almashdilar. Ushbu mamlakatga xalqaro yordamni kengaytirish zarurligi qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.