Vladimir Norov AQSH Maxsus vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2022 1027

    2022-yil 21-sentyabrda Nyu-York shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat Departamentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Vest hamda AQSHning Afgʻon ayollari, qizlari va inson huquqlari boʻyicha Maxsus vakili Rina Ameri bilan muzokaralari boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish, uning iqtisodiyotini tiklash, ushbu mamlakatda murakkab ijtimoiy-gumanitar vaziyatni hal etishga koʻmaklashish boʻyicha Oʻzbekiston-Amerika hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

    AQSH Maxsus vakillarining taʼkidlashicha, joriy yil iyul oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya mazkur davlatdagi vaziyatni yoʻlga solish borasida jahon hamjamiyatining izchil yondashuvlarini ishlab chiqish uchun samarali platforma yaratdi.

    Afgʻoniston xalqini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni jadallashtirish va tizimlashtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, Termiz shahrida tashkil etilgan Afgʻonistonga gumanitar yordam yetkazib berish uchun Koʻp funksiyali transport-logistika xabining imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi eʼtirof etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.