Vladimir Norov Chernogoriyaning Elchisini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 29 Iyun 2022 1435

    2022-yil 29-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Chernogoriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Milorad Shchepanovichni qabul qildi.

    Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan soʻng, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Elchini yuksak va masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qoldi.

    M.Shchepanovich samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Chernogoriya Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy davlat sifatida qaragan holda respublika bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratishini maʼlum qildi.

    Bugun mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, nafaqat respublikadagi keng islohotlar, balki butun Markaziy Osiyoda siyosiy muhitning oʻzgarishiga xizmat qilayotgan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasiga yuqori baho berildi. Respublikada Asosiy qonunga qoʻshimcha va oʻzgarishlar kiritish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning ahamiyatini alohida eʼtirof etar ekan, Elchi bu yoʻnalishdagi Oʻzbekistonda amaliyoti fuqarolar huquq va erkinliklarini konstitutsiyaviy darajada samarali himoya qilishning namunasi sifatida xizmat qilishini taʼkidladi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Chernogoriya siyosiy muloqoti jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar jahon siyosatining koʻplab masalalari boʻyicha yaqin yoki oʻxshash pozitsiyalarga ega boʻlib, xalqaro institutlar doirasida bir-birlarini qoʻllab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish zarurligi ham eʼtirof etildi.

    Savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tadbirkorlik subyektlari va savdo-sanoat palatalari oʻrtasidagi bevosita muloqotni kengaytirish, rangli metallurgiya, mashinasozlik, farmatsevtika, turizm sohalarida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq takliflar koʻrib chiqildi.

    Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligi qayd etildi. Elchi Chernogoriya vakillari Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish niyati borligini maʼlum qildi.

    Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.