Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Iyul 2022 1383

    2022-yil 25-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan uchrashdi.

    T.Niklassonning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda doʻstlik, ishonch va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha mintaqaviy siyosati va tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Buning natijasida mintaqada qisqa muddatda tarixiy oʻzgarishlar roʻy berdi, oliy darajadagi siyosiy muloqot mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar kengayib boryapti.

    Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning tasdiqlanganini olqishladilar va ushbu muhim hujjatni imkon qadar tezroq imzolash zarurligini qayd etdilar.

    Afgʻonistondagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    T.Niklassonning taʼkidlashicha, Bryussel Oʻzbekistonning afgʻon muammosini hal etishdagi siyosiy-diplomatik saʼy-harakatlari va alohida oʻrnini yuqori baholaydi. Yevropa Ittifoqining mintaqaviy kun tartibi boʻyicha Toshkent bilan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdorligi maʼlum qilindi.

    Yevropa tomoni Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya oʻz vaqtida oʻtkazilganini qayd etdi. Tadbir ishtirokchilarining yuksak saviyasi Oʻzbekistonning muhim oʻrni va respublikaning afgʻon muammosini hal etishdagi saʼy-harakatlari eʼtirof etilishidan dalolat berishi taʼkidlandi. Tadbir shuningdek, rasmiy Toshkent siyosatining izchilligi, afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatishga salmoqli hissa qoʻshishga tayyorligini koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xab faoliyatiga yuqori baho berildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.