Uchrashuvda Oʻzbekiston va YеXHT oʻrtasidagi hamkorlikning keng koʻlamli masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Tashkilot oʻrtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
2021-2022-yillarda Oʻzbekistonda YеXHT loyihalarini amalga oshirish boʻyicha 2021-yil aprel oyida qabul qilingan Amaliy chora-tadbirlar rejasini (Yoʻl xaritasi) amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Tashkilot faoliyatining barcha uch yoʻnalishi boʻyicha turli yoʻnalishlarda yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri YеXHT delegatsiyasini Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosati, xususan, Markaziy Osiyoni xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot mintaqasiga aylantirish, jahon iqtisodiy va transport aloqalariga integratsiyalashuvi haqida batafsil maʼlumot berdi.
X.Shmid Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqada hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikni rivojlantirish boʻyicha qulay shart-sharoit yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, jumladan, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavfsizlik xavf-xatarlariga javob choralarini kuchaytirish, tabiiy resurslardan foydalanish, Orol dengizi ekologik halokatini bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar Afgʻonistondagi bugungi vaziyat, afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatish borasida ham fikr almashdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.