Oʻzbekiston bilan DIIHB oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning YeXHTning barcha institutlari, jumladan DIIHB bilan konstruktiv oʻzaro hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Byuroning saylovlarni kuzatish boʻyicha toʻliq miqyosdagi missiyalari parlament (2019-yil) va Prezident saylovlarida (2016 va 2021
yillar) ishtirok etdi.
E.Merfi Oʻzbekiston bilan DIIHB oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi surʼatini, jumladan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish kabi yoʻnalishlardagi aloqalarni yuqori baholadi.
Suhbat chogʻida 2021-yil 24-oktyabrda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish boʻyicha DIIHB missiyasining yakuniy hisobotida ilgari surilgan tavsiyalarning ijrosi yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar bu yoʻnalishda konstruktiv hamkorlikka tayyor ekanini bildirdilar.
DIIHB delegatsiyasiga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish imkonini bergan tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
DIIHB vakillari koʻp qirrali hamkorlikni, jumladan, turli yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.