“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish doirasida YeXHT DIIHB bilan hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning DIIHB bilan konstruktiv hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Saylovlarni kuzatish byurosining toʻliq miqyosdagi missiyalari parlament (2019-yil) va Prezident saylovlari da (2016 va 2021-yillar) ishtirok etdi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasiga rejalashtirilgan konstitutsiyaviy islohotning asosiy jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Asosiy qonunga kiritilgan oʻzgartishlar “Inson qadri uchun” degan bosh tamoyilni hayotga tatbiq etishga qaratilgani alohida taʼkidlandi. Yangilangan Konstitutsiya Oʻzbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolatini yaratishi zarurligi taʼkidlandi.

Boʻlajak referendumda Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun Markaziy saylov komissiyasiga har tomonlama koʻmaklashish, xorijdagi vatandoshlarimizning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish ustuvor yoʻnalishlar ekanligi qayd etildi.

DIIHB vakillari rejalashtirilgan respublika referendumini milliy qonunchilik va umumeʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlarga muvofiq tayyorlash va oʻtkazishda Oʻzbekiston tomoni bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.