Tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning YeXHT va uning institutlari bilan oʻzaro hamkorligi sezilarli darajada faollashgani va sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladilar.
Oliy komissar mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, xorijiy davlatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish borasida olib borilayotgan siyosatni yuksak baholadi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi yaxshi qoʻshnichilik siyosati mintaqa xalqlari va elatlari oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashda ijobiy oʻrin tutayotgani alohida taʼkidlandi.
Q.Abdrahmanov Oʻzbekistonda barcha millat va elat vakillarining bilim olishi, mehnat qilishi, ijodiy qobiliyat va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilganini qayd etdi. Jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning ustuvor maqsadlaridan biri etib belgilanganini olqishladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Tomonlar barcha masalalar boʻyicha oʻzaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.