Vladimir Norov Fransiya Elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 28 Noyabr 2022 1451

    2022-yil 28-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.

    Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama etildi hamda 2023-yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston-Fransiya ko‘p qirrali hamkorligining ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

    Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralari yakunlari ikki davlat rahbarlarining O‘zbekiston-Fransiya muloqotiga barcha sohalarda yangicha sur’at bag‘ishlash borasidagi siyosiy irodasi mavjudligini tasdiqladi.

    Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash masalalari muhim o‘rin tutdi. Tashrif chog‘ida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikka doir loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi bildirildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Fransiya Milliy assambleyasi o‘rtasida, jumladan, Parlamentlararo ittifoq va YeXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

    Uchrashuvda kelgusi yilda rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

    Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi. Elchi Fransiya jamoatchiligi va ushbu mamlakat poytaxtiga tashrif buyuruvchilar Luvr va Parijdagi Arab dunyosi institutida ochilgan O‘zbekiston muzeylari eksponatlarining ko‘rgazmalariga alohida qiziqish bildirayotganini ta’kidladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.