Vladimir Norov Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Noyabr 2022 1879

    2022-yil 7-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif buyurgan Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Z.Pololikashvili Oʻzbekistonda turizm infratuzilmasini takomillashtirish, tarixiy obidalarni saqlash va rekonstruksiya qilish, sayohatchilar uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

    UNWTO uchun Oʻzbekiston yetakchi sheriklardan biri boʻlib, Tashkilot respublika bilan aloqalarni har tomonlama jadallashtirishga tayyorligini maʼlum qilindi. Mazkur tuzilma Oʻzbekistonning turizm sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholagan holda, mamlakatimiz tomonidan Buyuk ipak yoʻlini tiklash, Markaziy Osiyoda mintaqalararo turizmni ragʻbatlantirish, mintaqaviy sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish va transchegaraviy yoʻnalishlarni shakllantirish orqali sayyohlar oqimlarni koʻpaytirish boʻyicha olib borayotgan siyosatini eʼtirof etyapti.

    Taʼlim jabhasidagi aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universitetini soha boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan mintaqaviy markazga aylantirish, UNWTOga aʼzo mamlakatlarning sayyohlik oliy oʻquv yurtlari rektorlari forumini oʻtkazish, Tashkilot bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot muassasalari tarmogʻini yaratish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    2023-yili Samarqand shahrida oʻtkaziladigan UNWTO Bosh Assambleyasi 25-sessiyasiga tayyorgarlikning tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.