Vladimir Norov “Koreya-Oʻzbekiston” parlament doʻstlik uyushmasi raisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 3 Avgust 2022 1686

    2022-yil 3-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov “Koreya-Oʻzbekiston” parlament Doʻstlik uyushmasi raisi Park Kvang On boshchiligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida qayd etilganidek, Janubiy Koreya parlament vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi ochiqlik, oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama doʻstlik va maxsus strategik sheriklik munosabatlarining kengayib, mustahkamlanib borayotganidan yana bir bor dalolat beradi.

    Pak Kvang On Koreya Respublikasi Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli oʻzgarishlar, jumladan, mamlakatning Asosiy qonunini isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar jarayonini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.

    Milliy Assambleyaning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosiga koʻmaklashishga tayyorligi taʼkidlandi.

    Turli darajadagi, jumladan, “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” shaklidagi boʻlajak tadbirlar jadvali boʻyicha fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Raqamlashtirish va elektron hukumat sohalarida hamkorlikni jadallashtirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Pak Kvang Onning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Koreya Respublikasi uchun investitsiya kiritish, birgalikda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va biznes yuritish nuqtayi nazaridan jozibador mamlakat boʻlib qolyapti.