Janubiy Koreya hukumati rahbari Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yildan oshganiga e'tibor qaratib, bu o‘zaro anglashuv va ishonchning yuqori darajasiga chiqqanini, hamkorlik savdo, investitsiya, ilm-fan va texnologiyalar hamda boshqa sohalardagi faol sur’at bilan ifodalanishini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, Koreya tomoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2021-yil dekabr oyida Seulga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amaliy hayotga tatbiq etishga katta e'tibor qaratyapti.

Koreya tomoni ikki davlat o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralar jarayonini tezroq yakunlash muhimligini bildirdi.

Tomonlar so‘nggi yillarda chinakam strategik xususiyat kasb etgan sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini o‘zaro ta’kidladilar.

Bosh vazir Koreya kompaniyalarining O‘zbekistonda tashkil etilgan paxta sanoat klasterlari doirasida to‘qimachilik sanoati sohasida ishtirok etishidan manfaatdor ekanligini qayd etdi deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Xan Dok Suning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shuningdek, tadbirkorlikni rag‘batlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasidagi sa'y-harakatlar xorijiy investorlar uchun, jumladan, koreyslar uchun ham O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishga yaxshi ishoradir.