Vladimir Norov Meksika Elchisini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 29 Iyun 2022 1530

    2022-yil 28-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Meksika Qoʻshma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Gilermo Alexandro Puyente Ordorikni qabul qildi.

    Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilib, V.Norovga uni lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik faoliyatda muvaffaqiyatlar tiladi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Meksika aloqalari salohiyatini har tomonlama roʻyobga chiqarish masalalari muhokama etildi. Shu jumladan, oʻzaro tashriflarni tashkil etish, vazirliklararo maslahatlashuvlar oʻtkazish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, BMT va Amerika davlatlari tashkiloti doirasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish orqali siyosiy-diplomatik aloqalarni faollashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

    Iqtisodiy diplomatiyani ragʻbatlantirish maqsadida tomonlar ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, biznes-forumlarni tashkil etish, elektron tijorat (e-commerce) va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish, avtomobil sanoati, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, tibbiy texnika ishlab chiqarish, Oʻzbekistondan sanoat mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qilishni yoʻlga qoʻyish muhimligini taʼkidladilar.

    Taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tomonlar qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, meksikalik oʻqituvchi va mutaxassislarni jalb etish, oʻquv seminarlari va treninglarni oʻtkazish masalalarini koʻrib chiqishga tayyorligini maʼlum qildilar.

    Elchi qayd etganidek, Meksika Oʻzbekistonning mintaqadagi muhim oʻrnini eʼtirof etib, respublika bilan barcha sohalarda aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyordir. Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonga keng miqyosda gumanitar va boshqa yordam koʻrsatish, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy tiklanishida ishtirok etish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarga yuksak baho berildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Muzokaralarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashev ham ishtirok etdi.