Uchrashuvda Oʻzbekiston-Misr hamkorligi barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan tomonlar birgalikda choralar koʻrishga tayyorligi taʼkidlandi.

Boʻlajak tadbirlar jadvali, xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Misr Hukumatlararo komissiyasining yigʻilishi va ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish istiqbollari, jumladan, ishbilarmon doiralarning bevosita aloqalarini ragʻbatlantirish, biznes forumlarni tashkil etish, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha fikr almashildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi tomonlarning oʻzaro munosabatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Misr delegatsiyasining Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan SHHT sammitida ishtirokiga doir tashkiliy jihatlar muhokama qilindi.