Vladimir Norov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 14 May 2022 771

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi majlisi doirasida Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan muzokara oʻtkazdi.

    Bu haqda vazirlik matbuot xizmati maʼlum qilgan.

    Tashqi ishlar idoralalari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

    Tomonlar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik tarixiy rishta, Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatga asoslangan strategik sheriklikning bugungi holatini yuqori baholadilar.

    Soʻnggi vaqtda ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqa sezilarli darajada faollashdi, Toshkentni Boku bilan bogʻlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi tiklandi.

    Tomonlar oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, jumladan, ustuvor tarmoq va yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mintaqaviy miqyosda hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar izlashga tayyorligini qayd etdi. Hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Ozarbayjon hukumatlararo qoʻshma komissiyasining oʻn birinchi majlisi va Tashqi ishlar vazirliklariaro siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasini joriy yil Toshkent shahrida oʻtkazishga kelishib oldi.

    Madaniy-gumanitar aloqani yanada chuqurlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Gumanitar almashinuvni faollashtirish, Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududida qoʻshma madaniy tadbirlarni muntazam oʻtkazishga koʻmaklashish, turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qatʼiy intilish bildirildi.

    Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi oʻzaro hamkorlikning eng muhim jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.