Vladimir Norov Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlari talabalari bilan uchrashuv oʻtkazdi

    Ta'lim 25 Iyul 2022 1065

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalarida amaliyot oʻtash uchun tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlari talabalari bilan uchrashdi.

    Qayd etish joizki, mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvlari va Davlatimiz rahbarining Yoshlar kuni munosabati bilan qilgan bayram nutqida bayon etilgan koʻrsatmalarini hayotga tatbiq etish maqsadida oʻtkazilyapti. Unda xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti, xalqaro huquq yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirok etyapti.

    Tadbirda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati ishtirok etdi.

    Uchrashuvda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish Strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mezonlari yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarishdan iborat ekani taʼkidlandi. Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans davri bunyodkorlari boʻlgan navqiron avlod vakillari boʻlgani uchun bu masala hamisha Davlatimiz rahbarining diqqat markazida.

    V.Norov Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimida yosh kadrlarni jalb etish, ularning bilim va malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Mamlakat manfaatlarini xalqaro maydonda samarali ilgari surish, xorijiy hamkorlar bilan faol hamkorlik qilish, Oʻzbekiston fuqarolarining xorijdagi qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning sifatli bajarilishini faqat bilimli, iqtidorli va har tomonlama yetuk, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega kadrlargina taʼminlay oladi. Xususan, joriy yilda Tashqi ishlar vazirligi huzurida tashkil etilgan “Yosh diplomatlar klubi” boʻlajak diplomatik xodimlarning zarur bilim olishi, tajriba va malaka oshirishi, innovatsion ish uslublarini oʻrganishi uchun moʻljallangan.

    V.Norov tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilarni tabriklab, keyingi bosqichlarda muvaffaqiyat tiladi. Xususan, birinchi bosqich gʻoliblari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida suhbat oʻtkaziladi, shundan soʻng maxsus tuzilgan komissiya ularni mintaqaviy va funksional boshqarmalarda amaliyot oʻtash uchun taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bu ularga diplomatik sohada zarur bilim, koʻnikma va tajribaga ega boʻlish imkonini beradi, shundan soʻng talabalar Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga amaliyot oʻtash uchun yuboriladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.