Muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlarning konstruktiv oʻzaro manfaatli siyosiy muloqot, iqtisodiy diplomatiyani va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada jadallashtirish tarafdori ekanligi qayd etildi.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni toʻliq amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

BMT, MDH, SHHT va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Boʻlajak tadbirlarning tashkiliy va mazmunli jihatlari, jumladan, 2022-yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan SHHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining yigʻilishi bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

Rossiya tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni va uning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.