Suhbatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashkilot doirasida ilgari surgan tashabbuslari, nufuzli xalqaro birlashma bilan o'zaro hamkorlik istiqbollari to'g'risida so'z boradi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti — eng yosh tuzilmalardan biri, biroq o'suvchanlik bilan rivojlanib borayotgan xalqaro tashkilot. 15-iyun kuni SHHT tuzilganiga 21 yil to'ldi. O'tgan davr mobaynida ushbu tashkilot maslahat mexanizmi formatidan keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha bo'lgan darajaga yuksaldi.

O'zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilishida avvalboshdanoq ishtirok etgan, uning izchil rivojlanishiga salmoqli hissa qo'shgan va qo'shishda davom etmoqda. 2021–2022-yillarda mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilotga raislik qilayotir.

— Hurmatli Vladimir Imomovich, savollarimizga javob berishga rozi bo'lganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Siz O'zbekistonning xalqaro hamkorligidagi ustuvor yo'nalishlardan biri — SHHTda 2019–2021-yillar davomida Bosh kotib lavozimida ishlagansiz. Shu bois, bu tashkilotning bugungi kundagi nufuzi va uning xalqaro maydonda qanday o'rin tutayotgani haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

— Avvalo shuni alohida ta'kidlashni istardimki, nisbatan qisqa davr oralig'ida Shanxay hamkorlik tashkiloti rivojlanishning uzoq yo'lini bosib o'tdi va global siyosiy hamda iqtisodiy  voqelikning ajralmas qismi bo'lib qoldi.

Bugungi kunda SHHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Unga a'zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Evroosiyo qit'asi hududining 60 foizdan ortig'i, degani. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etadi, bu esa, dunyo aholisining qariyb yarmidir.

Tashkilot 8 ta doimiy a'zo davlatni, 4 kuzatuvchi va 9 muloqot bo'yicha 9 sherik davlatni o'z atrofiga birlashtirgan. 21 mamlakatdan iborat “SHHTning katta oilasi” uch qit'ani – Osiyo, Evropa va Afrikani qamrab olgan. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda o'zaro hamkorlikka bo'lgan qiziqishi tobora o'sib bormoqda.

BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari, ASEAN, MDH, KXSHT, EAES, SVMDA, OES singari sherik tashkilotlari tarmog'i izchil kengayib borayotgani SHHTning xalqaro obro'-e'tibori oshishiga ko'maklashmoqda. Hozirgi paytda Arab davlatlari ligasi va boshqa qator ko'p tomonlama tuzilmalar bilan aloqalar yo'lga qo'yilmoqda.

Bugungi kunda SHHT makoni ulkan xomashyo zaxiralari, ishlab chiqariladigan mahsulotlar, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik salohiyat mavjudligi nuqtai nazaridan o'zini o'zi ta'minlaydigan mintaqa hisoblanadi.

SHHTga a'zo davlatlar iqtisodiyotining umumiy hajmi qariyb 20 trillion AQSH dollarini tashkil etadi, bu tashkilot tuzilgan paytdagidan 13 barobarga ko'p. Tashkilotning makoni dunyodagi eng keng iste'mol bozorini anglatadi. Bugungi kunda SHHT a'zolarining umumiy yalpi ichki mahsuloti umumjahon ko'rsatkichlarining qariyb ¼ qismiga etdi. 2030-yilga borib bu raqam jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 35–40 foizigacha ortishi mumkin. 

SHHT o'zining amaliy tatbig'ini kutayotgan ulkan transport va tranzit salohiyatiga ega. Global ta'minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish sharoitida Evroosiyoda Sharq-G'arb va Shimol-Janub yo'nalishlari bo'yicha yangi xalqaro temir yo'l va avtomobil yo'laklarini yaratish  mohiyatan strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shuni unutmaslik joizki, SHHT tsivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli platforma hisoblanadi. Ushbu yo'nalishning dolzarbligi, ayniqsa, dunyoda ishonchsizlik va antagonistik kayfiyatlar kuchayib borayotgani sharoitida ayniqsa ortayotir.

Har biri boy tarix va noyob madaniy merosga ega bo'lgan mamlakatlarning bir tashkilot faoliyatida ishtirok etishi Evroosiyoda o'zaro tushunish va hamkorlik ruhini mustahkamlashga ko'maklashmoqda.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasini O'zbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishi etib belgilagan. Markaziy Osiyo mintaqachiligini mustahkamlashda SHHTning rolini qanday baholaysiz?

— SHHTning paydo bo'lishi, birinchi navbatda, XX-asr oxirida bipolyar tizim barham topganidan so'ng Markaziy Osiyoda yangi vaziyatning vujudga kelishi, dunyo murakkab muammolari va oldindan aytib bo'lmaydigan oqibatlari bilan yangi yuz yillika kirib kelishi bilan bog'liq edi. Shunday murakkab davrda Markaziy Osiyodagi yosh mustaqil davlatlarning ko'p qirrali yangi tahdid va muammolarga qarshi turishida institutsion milliylashgan mintaqaviy hamkorlikka ehtiyoji ob'ektiv haqiqat edi.

Shu ma'noda SHHTning paydo bo'lishi Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarning bevosita natijasi bo'ldi. Shuning uchun SHHT tashkil etilishi va faoliyatidagi eng muhim “qo'shilgan qiymat”, birinchi navbatda, uning Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasidir, deb hisoblash mumkin.

Bu tan olingan va vaqt sinovidan o'tgan haqiqatdir.

Bugungi kunda SHHTning mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashdagi salmoqli hissasi kundek ravshan bo'lib turibdi. Uning birinchi galda terrorizm, ekstremizm va separatizm tahdidlariga qarshi kurash sohasida erishgan muvaffaqiyatlari ayondir. Aynan SHHT doirasida dunyoda birinchi marta “terrorizm” tushunchasini aniqlab bergan ko'p tomonlama hujjat — SHHTning terrorizm, ekstremizm va separatizm bilan kurashish to'g'risidagi Konventsiyasi 2001-yil 15-iyunda ishlab chiqilgan edi.

Qarorgohi Toshkentda joylashgan SHHT Mintaqaviy aksilterror tizimi bu yo'nalishda izchil ish olib borayotir. Uning muvofiqlashtiruvida “uch yovuz kuch”ning sabablari, manbalari va ko'rinishlariga barham berish bo'yicha birgalikdagi samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muntazam ravishda SHHT aksilterror mashqlari, jumladan, terroristik, ekstremistik va separatistik maqsadlarda Internet tarmog'idan foydalanishni aniqlash va bartaraf etish hamda narkotiklarga qarshi “O'rgimchak to'ri” xalqaro operatsiyasi o'tkazilmoqda.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, mudofaa, ichki ishlar vazirlari va a'zo davlatlarning giyohvandlikka qarshi kurash idoralari rahbarlari yo'nalishida xavfsizlikning keng qamrovli masalalariga aloqador ko'p qirrali muntazam muloqot qo'llab-quvvatlanmoqda.

Xalqaro axborot xavfsizligini ta'minlash masalalari bo'yicha o'zaro hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Bu sohada ishchi guruh faoliyat ko'rsatmoqda, O'zbekiston tomonining faol ishtirokida Xalqaro axborot xavfsizligi bo'yicha hamkorlik dasturi tayyorlangan va qabul qilingan.

Shunga qaramasdan, Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqada barqarorlikni ta'minlashga qo'shgan hissasi bu bilan cheklanib qolmaydi.

Tashkilotning amaliy faoliyatida xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish ta'minlanishi masalalariga o'zaro bog'liqlikning asosiy tarkibiy qismlari sifatida qaraladi. Mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyot saqlab qolinishida SHHTning muhim roli ham aynan ana shundadir.

Mintaqada va uning atrofida ro'y berayotgan o'zgarishlarga qaramasdan, 20 yildan ortiq vaqt davomida Markaziy Osiyo SHHTning geografik yadrosi bo'lib qolmoqda. Mintaqada barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash imperativ ahamiyatga molik bo'lib qolishi, shu sababli ushbu vazifalar bundan keyin ham tashkilotning diqqat markazida bo'lib qolishi kerakligi yuzasidan unga a'zo davlatlar o'rtasida o'zaro to'liq tushunish mavjud.

Shanxay hamkorlik tashkilotining 2021-yili Dushanbeda bo'lib o'tgan yubiley sammiti deklaratsiyasida barcha a'zo davlatlar etakchilari so'nggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan mintaqada barqaror rivojlanish hamda ishonch va do'stlik makonini shakllantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni bir ovozdan ma'qullab, mintaqa mamlakatlari barqarorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yanada mustahkamlanishida SHHTning faol rolini kengaytirish g'oyasini qo'llab-quvvatladi. Ular O'zbekiston Prezidenti tashabbuskorligida yo'lga qo'yilgan Markaziy Osiyo mintaqasi davlat rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari o'tkazilishini ham olqishlaydi.

2017-yildan buyon kuzatilayotgan yangi Markaziy Osiyo jarayonining SHHT tomonidan qo'llab-quvvatlanishi, shubhasiz, mintaqaning o'zi uchun ham, tashkilot hududining barqarorlik, o'zaro manfaatli taraqqiyot va samarali hamkorlik makoniga aylanishi uchun ham juda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan qaraganda, xalqaro siyosiy so'zlashuvda nisbatan yaqinda paydo bo'lgan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi SHHTning doktrinal asosini, ya'ni “Shanxay ruhi”ni mustahkamlaydi va boyitadi, deb hisoblash uchun barcha asoslar mavjud.

Umuman olganda, mintaqadagi va dunyodagi tez o'zgaruvchan vaziyat bilan birga tashkilotga a'zolikni kengaytirish SHHT kun tartibiga muayyan tuzatishlar kiritishi o'z-o'zidan ayon.

Bu ob'ektiv jarayon, ammo bu tashkilotning mintaqamizdagi rolini aslo kamaytirmaydi. Haqiqatda esa, SHHTning “mas'uliyat zonasi”ga Janubiy Osiyodagi eng yirik davlatlar – Hindiston va Pokistonning qo'shilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari SHHT orqali Yaqin Sharqqa kengayishining yangi traektoriyasi mo'ljallanishi fonida yangi istiqbollar ochilmoqda. U ulkan Evroosiyo makonida ko'p tizimli o'zaro aloqalarni rivojlantirishda o'zaro manfaatli tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish uchun kuchli ko'p tomonlama platformaga – transport, infratuzilmalar, energetikadan to “yashil" iqtisodiyot va raqamli transformatsiyagacha bo'lgan qirralarni qamrab olgan maydonga aylanmoqda.

— Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, O'zbekiston va SHHT o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari haqida so'zlab bersangiz.

— Shanxay hamkorlik tashkiloti O'zbekistonning ko'p tomonlama diplomatiyasi tizimida alohida o'rin tutadi. Bu ikkita muhim jihat bilan bog'liq.

Birinchidan, mamlakatimiz 1990-yillar o'rtalarida Xitoy va bir qator sobiq sho'ro davlatlari (Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston) o'rtasidagi chegara masalalarini hal qilish uchun yaratilgan “Shanxay beshligi”da ishtirok etmagan bo'lsa-da, mintaqaviy ahamiyatiga ko'ra, yuqorida aytib o'tilgan muloqot platformasini keng ko'lamli tashkilotga aylantirishda muhim rol` o'ynadi.

Ikkinchidan, O'zbekiston SHHTning oltita ta'sischi davlatlaridan biri sifatida tashkilotning asosiy tamoyillari va ta'sis hujjatlarini ishlab chiqish, shuningdek, uning institutsional asoslarini yaratish va rivojlantirishda faol ishtirok etdi.

Ushbu tashkilotga a'zo davlatlar mamlakatimizning eng yaqin qo'shnilari va strategik sheriklaridir. SHHT doirasida ko'p qirrali hamkorlik har tomonlama mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga hamda ushbu davlatlar bilan o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yangi O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari tizimida SHHT ochiq, pragmatik va keng ko'lamli manfaatli hamkorlik yo'lini amalga oshirish nuqtai nazaridan ko'p tomonlama platforma sifatida har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.

Binobarin, mamlakatimizning SHHTga nisbatan zamonaviy strategiyasi tashabbuskorlik, konstruktivlik, pragmatizm va hamkorlikka ochiqlik kabi asosiy tamoyillarga asoslanadi.

O'zbekiston, avvalo, barcha ishtirokchi mamlakatlarning hayotiy manfaatlariga javob beradigan istiqbolli yo'nalishlarda amaliy hamkorlikni oshirish orqali uning evolyutsiyasi yangi sharoitida tashkilotning salohiyatini to'liq ochib berishdan manfaatdor.

Davlatimiz rahbari 2017–2021-yillarda o'tkazilgan SHHT sammitlarida 50 ga yaqin muhim va dolzarb tashabbusni ilgari surdi. Eng muhimi, ushbu takliflar SHHTning “Yo'l xaritalari”, me'yoriy-huquqiy, dasturiy va kontseptual hujjatlari doirasida, shuningdek, ko'p tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmlari shaklida izchil amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Prezidenti tomonidan tashkilotning 2020-yilgi sammitida bildirilgan “SHHT har birimiz kuchli bo'lgan taqdirdagina kuchli bo'ladi” g'oyasi respublikaning ushbu tuzilmaga xos “Shanxay ruhi”ga muvofiq konstruktiv yondashuvining mohiyatini to'liq ochib beradi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti o'tgan yilgi Dushanbe sammitida so'zlagan nutqida SHHTga raislikning ustuvor yo'nalishlarini taqdim etgani holda, tashabbuskorlik va ochiqlik yo'nalishini yaqqol namoyon etdi. Ushbu tashabbuslar mamlakatimiz ichki taraqqiyotining asosiy vazifalari va xalqaro hamkorlik sohasidagi manfaatlarini aks ettirishi bilan birga SHHTni rivojlantirishning yangi bosqichida maqsad va vazifalarni muvaffaqiyat bilan birlashtiradi.

Mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, “yashil” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi muhim yo'nalishlarda ko'p tomonlama hamkorlikni faollashtirish orqali SHHT salohiyatini yanada mustahkamlash shular jumlasidan.

Shuningdek, “Shanxay ruhi”ni xalq diplomatiyasi, turizm, do'stlik va yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlash, yangi madaniy-gumanitar tashabbuslar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag'allikni qisqartirish, o'simliklar karantini, SHHTning global mavqeini mustahkamlash va uning xalqaro aloqalarini kengaytirish kabi istiqbolli yo'nalishlarda hamkorlikning yangi yo'llari va formatlarini ilgari surish orqali SHHT kun tartibini boyitish vositalari orqali amalga oshirish  juda muhim.

— O'rni kelganda O'zbekistonning SHHTga raisligidagi vazifa va tashabbuslarni batafsil tushuntirib bersangiz?

— Albatta, men yuqorida aytgan hamma gaplar deklarativ bayonotlar emas, balki ular aniq harakatlar bilan tavsiflanadi.

Jumladan, O'zbekiston Respublikasining SHHTga raisligi rejasida 80 dan ortiq yirik tadbir nazarda tutilgan bo'lib, bugungi kunga qadar ularning yarmidan ko'pi amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar nafaqat SHHTda o'rnatilgan hamkorlik yo'nalishlarini, balki mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, kambag'allikni qisqartirish, raqamli transformatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi yangi sohalarni ham qamrab oladi.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston tomoni SHHTga raisligi doirasida hamkorlikning bir qator yangi yo'nalishlarini ishga solib, uning kun tartibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda boyitishga hissa qo'shdi.

SHHT tadbirlarini tashkil etishda yangicha yondashuv va formatlar joriy qilindi. Ular nafaqat Toshkent shahrida, balki viloyatlarda ham o'tkazilmoqda. Bu esa, SHHTdagi hamkorlarimizga mintaqalarmizda mavjud bo'lgan o'zaro hamkorlik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda. Shu tariqa Nukus, Buxoro va Farg'ona shaharlarida SHHT Milliy koordinatorlari kengashining majlislari tashkil etildi. Xivada SHHTga a'zo davlatlar transport vazirlari yig'ilishi bo'lib o'tdi (2022-yil 12-may) va Buxoroda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha xalqaro konferentsiya o'tkazildi (2022-yil 26–27-may). Joriy yil avgust oyida Samarqandda ham bir qator tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Bir vaqtning o'zida vazirlarning uchrashuv va yig'ilishlari, muayyan mavzuni qamrab olgan forum va konferentsiyalar ham o'tkazilmoqda. O'zbekiston raisligida SHHT Xalq diplomatiyasi forumi (2022-yil 11–12-may), Sayyohlik forumi (2022-yil 20-may), An'anaviy tabobat forumi (2022-yil 7-iyun), tashkilotga a'zo mamlakatlarning yosh iste'dodlar o'rtasida eng yaxshi startap loyihalari tanlovi kabi yirik tadbirlarni o'tkazish tashabbuslari ilgari surildi va allaqachon amalga oshirildi.

Ushbu platformalarning barchasi dolzarb kun tartibi bilan to'ldirilgan. Ular bo'yicha muhim shartnomalar tuzildi, bundan keyingi qo'shma rejalar kelishib olindi – bularning barchasi SHHTga a'zo davlatlar iqtisodiyotining pandemiyadan keyingi tiklanishi sharoitida ayniqsa muhim. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston tomoni joriy etgan format amaliy natijalarga erishish va mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillari uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Albatta, O'zbekiston raisligining asosiy yo'nalishi SHHT bugungi kun tartibining mazmun-mohiyatiga qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining O'zbekiston raisligi davrida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida 14 ta yangi kontseptual hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Ular SHHT doirasidagi hamkorlik sohalarini mazmunan boyitish va institutsional kengaytirishga qaratilgan.

Transport bog'liqligini rivojlantirish bo'yicha SHHT strategiyasi, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturi, “SHHT ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish kabi SHHT amaliyoti uchun yangi hujjatlar loyihalarini alohida ta'kidlash zarur.

O'zbekiston Prezidenti ilgari surgan barcha tashabbuslar mantiqan o'zaro bog'liq va bir-birini to'ldiradi. Masalan, ichki savdoni rivojlantirish orqali savdo to'siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlar yaqinlashishiga va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirishga erishish mumkin. O'zbekiston raisligi davrida shu va boshqa masalalar nafaqat vazirlar darajasidagi uchrashuv va yig'ilishlar kun tartibida aks etgan, balki ular SHHTga a'zo davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokidagi SHHT Iqtisodiy forumi, Sanoat yangiliklari haftaligi, Mintaqalar rahbarlari forumi, Sanoat kooperatsiyasi forumi, “Quyoshli O'zbekiston” meva-sabzavotlari ko'rgazmasi kabi qator yirik tematik tadbirlar doirasida ham muhokama qilinadi.

Samarqand viloyatida tashkil etilayotgan “O'zbekiston–SHHT” sanoat zonasi haqiqatan ham innovatsion loyihadir. Ushbu platforma O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan SHHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari o'rtasida sanoat kooperatsiyasini rag'batlantirish dasturini amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylangani holda, yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun investitsiyalar, texnologik va innovatsion echimlarni jalb qilishga imkon beradi.

O'z navbatida, SHHT doirasida o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash bo'yicha Toshkent tomonidan faol ilgari surilgan tashabbuslar tashkilotning keng hududida ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.

Ushbu sa'y-harakatlar orqali O'zbekiston o'z hamkorlari bilan birgalikda SHHT imkoniyalaridan foydalangan holda “O'zbekiston —Qirg'iziston — Xitoy”, “Termiz — Mozori-SHarif — Kobul — Peshovar”, “Lanchjou — Qashqar — Irkeshtam — O'sh — Andijon — Toshkent — Mari” va hozirgi geoiqtisodiy sharoitda o'ziga xos strategik ahamiyatga ega bo'lgan boshqa transport yo'laklarini amaliyotga tatbiq etishni jadallashtirish niyatida.

O'zbekistonning SHHT makonidagi o'zaro bog'liqlik strategiyasi Afg'onistonning butun Evroosiyo uchun noyob iqtisodiy va tranzit rolini tiklashga ham xizmat qiladi.

Afg'oniston mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashning asosiy omili ekaniga shubha yo'q. Afsuski, dunyoda yuz berayotgan so'nggi voqealar tufayli xalqaro hamjamiyatning Afg'onistonga bo'lgan e'tibori biroz susaydi. Afg'on xalqining fojiasi, agar ular gumanitar falokat bilan yolg'iz qolsa, qochqinlarning yangi oqimlari, giyohvand moddalar tahdidi ko'payishi va terrorizm kuchayishiga olib kelishi mumkin.

SHHTning biron-bir davlati Evroosiyo markazida beqarorlik o'chog'ining yanada rivojlanishidan va Afg'oniston hududidan qo'shni davlatlar xavfsizligiga kelib chiqadigan tahdiddan manfaatdor emas. Bugungi voqelik tashkilotimizdan yanada aniq harakatlarni amalga oshirishni va Afg'onistonni mintaqaviy tashabbuslarga, shu jumladan, infratuzilma loyihalariga jalb qilishni talab qiladi.

Shu bois, SHHT doirasida Afg'onistonning urushdan keyingi rivojlanish strategiyasiga doir konsolidatsiyalashgan yondashuvlarni ishlab chiqish, tabiiyki, mamlakatimizning tashkilotga raisligidagi asosiy ustuvor yo'nalishlardan biridir.

Muxtasar aytganda, O'zbekiston Prezidenti belgilab bergan SHHTga raislikning asosiy ustuvor yo'nalishlari barcha tomonlar manfaatlariga to'la javob beradi. eng muhimi, ushbu yo'nalishlar SHHT makonida xavfsizlik, barqaror rivojlanish, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan.

— Ma'lumki, joriy yil O'zbekiston SHHT raisi sifatida tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari sammitiga mezbonlik qiladi. Bilishimizcha, ushbu uchrashuv shu yilning sentyabr oyida Samarqandda bo'lib o'tadi. Ushbu sammitga tayyorgarlik ishlari va bo'lajak tadbirlarning ahamiyati haqidagi fikrlaringizni o'rtoqlashsangiz.

— To'g'ri, O'zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi asosiy voqeasi — Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan Davlat rahbarlari kengashining yig'ilishi tobora yaqinlashmoqda. Unda tashkilot doirasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan mustahkam huquqiy va kontseptual hujjatlar to'plami imzolanishi shubhasiz.

Albatta, sammitning Samarqandda o'tkazilishida ham chuqur ma'no bor. Ushbu kent qadimdan tarixiy uchrashuvlar va tsivilizatsiyalashgan muloqotlar maskani, madaniy-gumanitar o'zaro bog'liqlik va xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlash ko'prigi bo'lib kelgan.

Yangi O'zbekiston faol diplomatiyasida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma bo'lib xizmat qilmoqda. So'nggi yillarda shaharda “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik” mazusidagi xalqaro konferentsiya (2017), Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi (2018), Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi (2020) va boshqa qator yirik forumlar muvafaqqiyatli o'tkazildi.

BMT Bosh kotibining maxsus vakili va BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rahbari Natal`ya German ta'kidlaganidek, ushbu platformalardan olingan turtki SHHT makonining jo'g'rofiy o'qi bo'lgan Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi formatlari shakllanishiga xizmat qilgani holda yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy hamda global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokamasini ko'zda tutadigan “Samarqand ruhi”da o'zining yaqqol ifodasini topgan.

Samarqandning noyob merosi va uning yangi bunyodkorlik qudrati SHHTning ishonch, o'zaro manfaat, tenglik, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat bilan yondashish va mushtarak taraqqiyot tamoyillariga to'la mos keladi.

Bugun, sammit arafasida Buyuk Ipak yo'lining marvaridi bo'lgan Samarqand shahri keng ko'lamli bunyodkorlik markaziga aylandi va Evroosiyo makonidagi yilning eng yirik siyosiy va diplomatik forumini o'tkazishga tayyor.

Samarqand sammitida davlat rahbarlari zamonaviy xalqaro munosabatlarni chuqur o'zgartirish nuqtai nazaridan SHHT oldida turgan yangi tahdidlar va vazifalarni ko'rib chiqadi, tashkilotni yanada rivojlantirish uchun tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan qator muhim qarorlarni qabul qiladi.

Sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan biri SHHTni yanada kengaytirish hisoblanadi. SHHTga a'zo davlat maqomini olish uchun eron Islom Respublikasining majburiyatlari to'g'risidagi memorandum imzolanishga tayyor. Hujjat amalda ushbu yirik Yaqin Sharq mamlakati bizning tashkilotimizga to'liq a'zo bo'lishiga yo'l ochadi.

Bundan tashri, SHHT faoliyatida to'laqonli a'zo, kuzatuvchi va muloqot bo'yicha sheriklar maqomida ishtirok etish uchun taqdim etilgan 10 ga yaqin mamlakatlar arizalari ko'rib chiqiladi.

Sammit maydonida SHHT va Arab davlatlari ligasi, YUNESKO, ESKATO va boshqa bir qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o'rtasida sheriklik munosabatlarini o'rnatish bo'yicha memorandumlar imzolanishi ham kutilmoqda.

Shu asnoda O'zbekiston raisligida bo'lajak sammit “Shanxay sakkizligi” rahbarlarining mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilishi uchun samarali platforma yaratib berishi alohida ahamiyatga ega.

Bularning barchasi Samarqand sammiti SHHTning uchinchi o'n yillikka kirishini munosib belgilagani holda, uning rivojlanishida yangi bosqich ochishiga ishonch uyg'otadi.

— Vladimir Imamovich, bizga vaqt ajratganingiz va mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorlik bildiramiz.

Rahmat.