Vladimir Norov Shri-Lanka Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2022 1398

    2022-yil 20-sentyabrda Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muhammad Ali Sabri bilan uchrashdi.

    Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish boʻyicha fikr almashildi.

    Tomonlarning BMT, SHHT va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi muloqotni davom ettirish tayyorligi qayd etildi.

    Shri-Lanka Tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi siyosiy-diplomatik va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Savdo, investitsiyalar, sayyohlarni jalb etish, qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasida shartnoma-huquqiy bazani kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.