Лого Лого-пв-уз

    Vladimir Norov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 13 May 2022 385

    2022-yil 13-mayda Dushanbe shahrida boʻlib oʻtayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan muzokaralar oʻtkazdi.

     

    Tashqi ishlar idoralari rahbarlari Tojikiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlajak tashrifi yuzasidan, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni atroflicha muhokama qildilar.

    Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlar hamda ikki qardosh xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik rishtalarga asoslangan strategik sheriklikning bugungi holatiga yuksak baho berildi.

    Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha ikki davlat Prezidentlarining bergan topshiriqlarini soʻzsiz bajarish zarurligi taʼkidlandi.

    Tomonlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Tojikiston Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi majlisini imkon qadar tez muddatlarda oʻtkazish zarurligini qayd etdilar.

    Joriy yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanishini hisobga olgan holda madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, Oʻzbekiston va Tojikiston hududida qoʻshma yirik madaniy tadbirlar uyushtirish yuzasidan yakdil munosabat bildirildi.

    Tojikiston tomoni Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligini yuqori baholab, mamlakatimiz tomonining tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi, shuningdek, barcha tadbirlarda, jumladan, Samarqandda boʻlib oʻtadigan SHHT sammitida faol ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.

    Muloqot chogʻida tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, kelgusi davr uchun qoʻshma tadbirlar jadvalini koʻrib chiqdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.