Uchrashuvda Oʻzbekiston va TDT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston va Tashkilot oʻrtasidagi munosabatlar ijobiy surʼatlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Mamlakatimizda oʻtkazilgan qator muhim tadbirlar, masalan, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga masʼul vazirlarning 4-yigʻilishi (2022-yil 25-26-oktyabr, Samarqand) va Tashkilot transport vazirlarining yigʻilishi (2022-yil 27-28-oktyabr, Toshkent shahri) yakunlari boʻyicha fikr almashildi.

Oʻzbekistonda TDT bilan birgalikda oʻtkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlar jadvali, jumladan, Iqtisodiyot vazirlari yigʻilishi (2022 — yil 9-noyabr, Samarqand) hamda Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yigʻilishiga (2022-yil 10-noyabr, Samarqand) doir turli jihatlar koʻrib chiqildi.

Joriy yil 11-noyabrda Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitini tayyorlash va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining baʼzi mavzulari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.