Vladimir Norov Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 31 May 2022 2021

    2022-yil 31-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Bagʻdad Amreyev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va TDT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston bilan Tashkilot oʻrtasidagi iqtisodiy, savdo, transport, bojxona, turizm, huquq-tartibot, madaniy-gumanitar sohalarda koʻp qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.

    TDT bilan hamkorlikda mamlakatimizda oʻtkaziladigan tadbirlar jadvali, jumladan, Yoshlar forumi (3-4-iyun, Buxoro), “Qoʻqon xonligining turkiy xalqlar madaniy merosi shakllanishi va davlatchiligi rivojlanishidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya (8-11-iyun, Qoʻqon), qishloq xoʻjaligi vazirlari yigʻilishi va Turkiy agroforumini (3-4-iyul, Toshkent) tashkillashtirish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

    Tashkilotning 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan TDT doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Joriy yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining Birinchi sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Muloqotda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.