Vladimir Norov Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 4 Oktabr 2022 2147

    2022-yil 4-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bilan amaliy uchrashuv oʻtkazdi.

    Tashqi ishlar vazirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasidagi muzokaralar dasturi va kun tartibini atroflicha muhokama qildilar, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar.

    Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlari 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganidan keyin ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi faol va keng qamrovli muloqotning, yetakchilar oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlarning mantiqiy davomi ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Vazirlar tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam ravishda davom ettirish, 2023-yilgacha boʻlgan vazirliklararo hamkorlik dasturini sifatli mazmun bilan boyitish muhimligi toʻgʻrisida kelishib oldilar.

    Shu kunlarda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi huzuridagi Tashqi aloqalar va savdo instituti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumining imzolanishi buning yorqin tasdigʻidir.

    Shuningdek, avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xoʻjaligi, turizm va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

    Vazirlar parlamentlararo muloqotni faollashtirish, taʼlim sohasidagi aloqalarni, jumladan, “Stipendium Hungaricum ” dasturi asosida mustahkamlash boʻyicha takliflarni koʻrib chiqdilar.

    Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, BMT, YEXHT va TDT doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Vengriya tomoni Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangilangan bitimni tez fursatlarda imzolanishida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

    Muloqot chogʻida xalqaro va mintaqaviy siyosatning ayrim jihatlari, xususan, Afgʻonistondagi bugungi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi