Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etishning borishi, ikki davlat rahbarlari tomonidan hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini muhokama qildilar.
Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi loyihasini amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish, jumladan, uning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi konstruktiv muloqotni chuqurlashtirish, Tashkilotning joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Sammitiga tayyorgarlikning borishi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Vazirlar mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, Afgʻonistonda barqaror tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash boʻyicha oʻzaro hamkorlik mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.