Vladimir Norov Yashil o‘sish global instituti Assambleyasi raisi bilan uchrashdi

    Yashil sayyora 24 Oktabr 2022 1846

    2022-yil 24-oktyabrda «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yashil o‘sish global instituti (GGGI) Assambleyasi Raisi, BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston va Yashil o‘sish global instituti o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    2022-yil fevral oyida O‘zbekistonda GGGI vakolatxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, «yashil» texnologiyalar va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoatni dekarbonizatsiya (uglerod neytralligini ta’minlash) qilish sohasida xalqaro yo‘nalishda eng yaxshi amaliyotlarni o‘zlashtirish, jumladan Koreya tajribasiga asoslangan hamkorlikka keng imkoniyatlar ochayotganining muhimligi ta’kidlandi.

    Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va GGGI o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, bugungi kunda qiymati 5,9 million dollarlik «Orol dengizi halokatining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasini yashil qayta tiklash» loyihasi amalga oshirilyapti. Shu bilan birga, Orolbo‘yida «yashil» qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta tiklanadigan energiya sohasida loyihalar ishlab chiqilyapti.

    O‘z navbatida, Pan Gi Mun Markaziy Osiyoning ekologik muammolaridan yaxshi xabardor ekanini, Orolbo‘yida bir necha bor bo‘lganini, u yerda Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari haqida shaxsan bilishini ta'kidladi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan «Yashil makon» umummilliy tashabbusi, shuningdek, «Yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» hamda O‘zbekistonda qabul qilingan qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturiga alohida e’tibor qaratdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.