Mazkur sohani yanada rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish, ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida bir qator amaliy ishlar olib borilmokda.

Jumladan, Vodil Qizilqoʻrgʻon massivi hududida joylashgan samarasiz foydalanilayotgan 350 gektar bogʻlarning qator oralariga malinachilik koʻchatlari ekish yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunga qadar 222 gektar bogʻ qator oralariga malina koʻchatlari ekish ishlari amalga oshirildi.

Tijorat banklari tomonidan 94 nafar fuqarolarga malinachilik yoʻnalishida 2,6 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.

Qizilqoʻrgʻon massivida 20 gektar yer maydoni malinachilikni rivojlantirish maqsadida 10-15 sotixdan yer maydonlari 156 nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarga ochiq auksion savdolari orqali ajratib berildi. Hozirgi kunda ajratilgan 20 gektar yer maydonlarda shpalerlar oʻrnatilib, ekilgan malina koʻchatlari baravj rivojlanmoqda. Shuningdek, qator orasidan samarali foydalanish maqsadida koʻshimcha ekin sifatida kartoshka va sabzavot ekinlari ekildi. Hududda 3 ta malinachilik klasterlari (“Al vodiliy”, “Vodillik Dovudbek” hamda “Raspberry world” MCHJ) tashkil etildi.

Malinaning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, hududda yetishtiriladigan malinani qabul qilish, mahsulotni sifatli saqlash va eksportga yoʻnaltirish choralari koʻrilmoqda. “Dadaxon Murod fayzi” oilaviy korxonasi tomonidan qiymati 300 tonna sigʻimli, “Little Bakery house” xususiy korxonasi tomonidan qiymati 350 tonna sigʻimli zamonaviy muzlatkichli omborxona tashkil etildi.

Fargʻona viloyati boʻyicha 2021-yilda Polsha, Rossiya va boshqa davlatlarga 1 million dollarlik malina eksport qilingan boʻlsa, yuqorida amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida eksport hajmini yillik 3-4 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.