Istiqlolning 30 yillik shodiyonalari ostonasida turib, beixtiyor ortga nazar tashlasak, so'nggi yillarida boshlangan ulkan va shiddatli islohotlar ko'lamidan hayratga tushamiz. Qad rostlayotgan baland inshootlar mahobatiga g'urur bilan boqamiz.

Ayniqsa, shaharlarga yondosh qurilayotgan yangicha qiyofadagi massivlar minglab odamlarni uy-joy va ish bilan ta'minlashga xizmat qilib, diyorimiz ko'rkiga ko'rk qo'shmoqda. 3 million 153 ming aholi istiqomat qiladigan Andijon viloyatida ham ana shunday shaharchaga poydevor qo'yildi.

Andijon shahri yaqinida qurilishi boshlangan Yangi Andijon turar joy massivi 411 ming aholiga mo'ljallangan. Quruvchilar zamonaviy shaharchani Mustaqillik bayramiga qadar bitkazib, viloyat ahliga tuhfa etishni rejalashtirgan.

Yangi Andijon massivining bosh rejasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilinganiga hali ko'p bo'lmadi. Prezidentimiz joriy yil 12-aprelda loyiha bilan tanishar ekan, uy-joylarni puxta va sifatli loyihalashtirish, uni amalga oshirishda mahalliy mutaxassislarning salohiyatidan unumli foydalanish, unda imkon qadar yashil hududlar, bog' va xiyobonlar tashkil etilishini, aholining dam olishi va mehnat qilishi uchun qulay sharoitlarni nazarda tutish bo'yicha topshiriqlar berdi. Puxta ishlangan loyiha rejasi hamda belgilangan vazifalar asnosida Andijon tumani adirliklari ustida yangi shahar barpo etish ishlari boshlab yuborildi.

Andijon shahri mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan hududlardan bo'lib, uning o'zida rivojlanish uchun bo'sh joy yo'q. Shu bois, yangi va zamonaviy shaharcha qurilishi uchun aholi uylari bo'lmagan, qishloq xo'jaligida foydalanilmaydigan maydon tanlandi.

— Turar joy majmuasi uchun Andijon tumanidagi Istiqlol massividan 4 ming gektar yer maydoni ajratildi, — deydi Andijon viloyati hokimining qurilish bo'yicha o'rinbosari Ibrohimjon Xolmatov. — Loyihaga ko'ra, qurilish ishlari 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Bu 10 yilga mo'ljallangan yirik dastur bo'lib, bosqichma-bosqich davom etadi. Dastlabki bosqich uchun 718 gektar yer maydoni belgilab olingan. Shundan 42 gektar maydon birinchi navbatda qurilishi zarur bo'lgan uy-joylar uchun ajratildi. Hozirda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilyapti. Bir so'z bilan aytganda, Andijon shahri yonida yana bir “Yangi Andijon”shaharchasi paydo bo'lyapti.

Loyiha bosh rejasi Turkiyaning “KEYM kentsel yenilime merkezi” shirkati tomonidan ishlab chiqilgan. Turar joy massivi 1439 gektarda joylashadigan uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko'rsatish hududi hamda 499 gektar avtomobil yo'llaridan iborat bo'ladi. Loyihaga ko'ra, 42 gektar maydonda 170 ta turar joy qurilishi belgilangan bo'lib, joriy yilda uning dastlabki bosqichi amalga oshiriladi. Birinchi fazada 1240 xonadondan iborat 5 va 6 qavatli 62 ta uy-joy, 900 o'rinli oliy ta'lim muassasasi, 650 nafar o'quvchi sig'imiga ega maktab, 300 nafar tarbiyalanuvchiga mo'ljallangan bog'cha hamda 200 o'rinli poliklinika barpo etiladi. Jarayonda hududni to'liq infratuzilma bilan ta'minlash, mavjud yo'llarni kapital ta'mirlash va yangilarini qurish ishlari olib boriladi.

Uy xarid qiladigan odamlar uchun uning mustahkamligi, tasodifiy hodisalarga bardoshliligi muhim ahamiyatga ega. Poydevori baquvvat xonadon o'z sohibiga uzoq yillar xizmat qiladi. Shu bois, loyiha doirasida uy-joylar qurilishining sifatiga alohida e'tibor qaratilgani holda, yer uchastkalarining geologik joylashuvi, seysmik darajasi, sel arig'ini tashkil qilish kabi holatlar ham aniq raqamlar asosida hisobga olindi.

Barpo etilayotgan ko'p qavatli uylarning birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shaxobchalari joylashtiriladi. 1,8 gektar yer maydonida 100 o'rinli mexmonxona, supermarket, ekobozor, umumiy ovqatlanish korxonalari quriladi. Bu esa aholining o'z hududidan uzoqlashmagan holda, turli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshiradi.

Ayni paytda “Yangi Andijon” turar joy massivining 1-bosqichidan o'rin olgan qurilish ishlari avjida. Ish ko'lami katta bo'lgani bois, 20-30 mingdan ziyod yangi ish o'rinlari yaratish ko'zda tutilmoqda.

Qurilishga bosh-qosh bo'layotgan pudratchi tashkilotlardan birinchi navbatda, loyihalarni sifatli amalga oshirish talab etilayotgani bejiz emas. Bundan ko'zlangan maqsad yagona — aholiga uzoq yillar xizmat qiladigan zamonaviy va shinam xonadonlarni topshirib, odamlarning obod maskanlarda farovon hayot kechirishiga zamin yaratishdir.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri