Vodiydagi gaz toʻldirish shoxobchalariga ikki kunlik cheklov kiritildi

    Fargʻona vodiysida 2025-yil 5-sentyabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davomida tabiiy gaz uzatish vaqtincha toʻxtatiladi.

    Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Fargʻona vodiysi isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvurining togʻli hududdan oʻtuvchi qismida qariyb 22 km qoʻshimcha quvur qurilishi yakuniga yetkazildi.

    Mazkur quvurning ishga tushirilishi vodiy viloyatlari isteʼmolchilarining tabiiy gaz taʼminoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.

    Ushbu yangi quvurni tarmoqqa ulash boʻyicha montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan 2025-yil 5-sentyabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davomida “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha toʻxtatiladi.

    Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda taʼmirlash ishlari vaqtida (5-6-sentyabr kunlari) Fargʻona vodiysi viloyatlaridagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) hamda yirik isteʼmolchilarning gaz taʼminotiga vaqtincha cheklov kiritiladi.

    Shuni hisobga olgan holda vodiy viloyatlari isteʼmolchilari uchun avtobenzin yoqilgʻisining sotuvga chiqarish hajmi oshiriladi.

    Maʼlumot uchun: ushbu qurilish-montaj ishlari davomida aholi isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻriladi.

    Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz.