2005-2006-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqada jami 13 ta jamoa 4 ta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Faqat, ushbu yosh toifasidagi bahslarga Toshkent viloyati vakillari yetib kelishmadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, katta yoshli o‘smirlar orasida Farg‘ona viloyati vakillariga teng keladigan raqib topilmadi. Ular hal qiluvchi bahsda mezbonlar – Qashqadaryo viloyati jamoasidan ustun kelishdi. Navoiy hamda Andijon viloyati jamoalari 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

2007-2008-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda ham 13 ta jamoa 4 ta guruhda bahs olib borishdi. Ushbu yosh toifasida bosh sovrin mezbonlar – Qashqadaryo viloyati terma jamoasiga nasib etdi. Ular finalda andijonlik tengqurlarini mag‘lub etishdi. Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yosh voleybolchilari 3-o‘rin bilan cheklanishdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar medal, diplom va kubok bilan taqdirlanishdi.