Voleybol boʻyicha Oʻzbekiston superkubogi gʻoliblari Olmaliqda aniqlanadi

    Shu yilning 19-20-21-noyabr kunlari Olmaliq shahridagi “Metallurg” sport majmuasi voleybol boʻyicha mamlakat superkubogi bahslariga mezbonlik qiladi.

    Erkaklar oʻrtasida Oʻzbekiston chempioni va kubogi sohibi Samarqandning “Oʻztelekom” jamoasi chempionatning kumush medalini qoʻlga kiritgan OTMK jamoasi bilan kuch sinashadi.

    Ayollar oʻrtasida esa mamlakat chempioni hamda kubogi sohibi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining SKUF jamoasi Nukus davlat pedagogika instituti voleybolchi qizlari bilan bosh sovrin uchun musobaqalashadi.

    Oʻyinlar ikki gʻalabagacha davom etadi. Agar dastlabki ikki oʻyinda Oʻzbekiston superkubogi qarama-qarshiligining gʻolibi aniqlansa, u holda soʻnggi uchinchi oʻyinni oʻtkazishga ehtiyoj qolmaydi va musobaqa toʻxtatiladi.

    "Mabodo dastlabki ikki oʻyindan keyin kuchlar teng kelib qolsa, u holda superkubok sohibi soʻnggi uchinchi kungi oʻyinda aniqlanadi. Aynan Oʻzbekiston superkubogi bahslari bilan mamlakatimizda joriy yilgi voleybol mavsumi oʻz yakuniga yetadi", deyiladi Turizm va sport vazirligi xabarida..