Volgograd viloyati delegatsiyasi bilan uchrashuv

    Xalqaro hamkorlik 13 Sentabr 2021 424

    13-sentyabrda Toshkent shahar hokimligida hokim oʻrinbosari Sharof Rahmonov Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyati Eksportni qoʻllab-quvvatlash markazi rahbarining oʻrinbosari Alyona Shalavina boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Mehmonlarni qarshi olgan Sharof Rahmonov poytaxtimizning RF mintaqalari bilan iqtisodiy aloqalar rivojiga toʻxtalib oʻtdi.

    Shuningdek, Toshkent shahri iqtisodiy hamkorlikdan manfaatdor ekanligini taʼkidlab, mehmonlarni qiziqtiruvchi yoʻnalishlar boʻyicha boshqarmalar boshliqlari taklif qilinganini qoʻshimcha qildi.

    Uchrashuv davomida delegatsiya aʼzolari boʻlgan kompaniyalar vakillari oʻz korxonalari haqida qisqacha maʼlumot berib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xususiyatlari va ularni qoʻllash sohalari haqida aytib berdilar. Xususan, polimerlar, gidro va issiqlik izolyatsiyasi materiallarini yetkazib berish, kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda eksport qilinadigan meva-sabzavotlarni saqlash va transportirovka qilish borasidagi xizmatlar boʻyicha hamkorlik taklif qilindi.

    Tadbirning rasmiy qismi yakunlanganidan soʻng, Volgograddan kelgan mehmonlar Toshkentdagi tegishli boshqarma va korxonalarning vakillari bilan uchrashdilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.