Dushanba kuni tushdan keyin Volgograd viloyatidagi Gremyachaya – Kotelnikovo uchastkasida “Kamaz” rusumli yuk mashinasi haydovchisi svetoforning qizil chirog'ida temir yo'l kesishmasiga chiqib ketib, 491-sonli Qozon – Adler yo'lovchi poyezdi bilan to'qnashib ketdi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 9 ta poyezd vagoni relsdan chiqib ketdi, 7 ta vagon ag'darildi. Poyezdda jami 803 nafar yo'lovchi bo'lgan, deb xabar beradi ria.ru.
“Viloyat tezkor shtabi va viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma'lumotlarga ko'ra, poyezd halokati oqibatida 52 kishi jabrlandi, ayni paytda Kotelnikovskaya tuman markaziy kasalxonasida 21 kishiga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda, ulardan 10 nafari bolalardir. Uch kishining ahvoli og'ir: ikki nafari Volgograddagi 25-shifoxonaga yotqizildi, biri (mashinist) idoraviy muassasada davolanyapti”, deyiladi xabarda.